Boshi Yuz parvarishi Quyoshning zararlari — bilib qoʻygan yaxshi

Quyoshning zararlari — bilib qoʻygan yaxshi

by u0631926

Quyoshning iliq taftini hammamiz sevamiz. Chiqishi va botishini kuzatish qanchalar zavqli. Baʼzan baxtiyorlikni ham quyoshga oʻxshatamiz. Yer yuzida hayot manbai boʻlgan quyosh nurlarining kooooooʻp foydalaridan tashqari ayrim zararlari ham bor. Keling ayrimlarini bilib olaylik!

Quyoshning vujudimizga taʼsir qilish vositasi uning nurlaridir. Quyoshning ultrabinafsha nurlari toʻlqin uzunligiga koʻra, UVA, UVB va UVC nurlarga boʻlinadi.

UVA

UVA nurlanishi 320 dan 400 nm gacha boʻlgan toʻlqin uzunligiga ega boʻlib, terining chuqur qatlamlarigacha kirib boradi. U teri qarishi, teri saratoni va ajinlarning “aybdoridir”. Ozon qatlamidan oson oʻtganligi sababli, UVA nurlari Yerga tushadigan ultrabinafsha nurlanishining 95% ni tashkil qiladi.

UVB

Ultrabinafsha B nurlari asosan teri kuyishiga olib keladi. Toʻlqin uzunligi 290 va 320 nm orasida boʻlib, koʻpchilik qismi ozon qatlami tomonidan tutiladi. U yerga tushadigan ultrabinafsha nurlanishining qolgan 5% ni tashkil qiladi. UVB nurlanishi tanamizda D vitamini ishlab chiqarish uchun javobgardir, ammo bu nurlanishning meʼyordan ortib ketishi, terining yuqori qatlamning shikastlanishiga olib keladi, bu esa teri saratoni, quyoshdan kuyish va hatto kataraktaga olib keladi. Soʻnggi yillarda ozon qatlamining yupqalashishi tufayli Yerga UVB nurlari yanada koʻproq yetib kelayapti va bu ortish teri saratoni koʻpayishiga sabab boʻlyapti.

Hatto biroz bulutli kunlarda ham UVB nurlarining 80% Yer yuzasiga yetib keladi va bu holda ham quyoshdan kuyish va terining shikastlanishi ehtimoli mavjud boʻladi.

UVC

Uchinchi ultrabinafsha nur, toʻlqin uzunligi eng qisqa boʻlgan, 100 dan 290 nm gacha va eng yuqori energiyaga ega boʻlgan UVC nurlanishidir. Yaxshiyamki, bu radiatsiya ozon qatlami tomonidan deyarli butunlay toʻsib qoʻyilgan.

Ultrabinafsha nurlanish qisqacha quyidagilarga sabab boʻladi:

  • Ajinlar

UV nurlari ta’sirida yuzimizdagi kollagen va elastin tolalari parchalanadi. Kollagen – bu organizmni ichki va tashqi ta’sirlardan himoya qiluvchi, uning chidamliligini oshiradigan va hujayralarning sogʻlom holda bir orada boʻlishini ta’minlaydigan oqsildir. Tana va teriga qayishqoqlik (egiluvchanlik) beruvchi muhim oqsillardan biri boʻlgan kollagen, suyak va mushak toʻqimasini sogʻlom boʻlishiga yordam beradi. UV nurlari ta’sirida teridagi kollagen parchalanishi natijasida terining elastikligi pasayadi. Elastiklik hususiyatini yoʻqotgan teri (boʻshashadi) osilib qoladi, ajinlar paydo boʻladi.

  • Jigarrang dogʻlar (giperpigmentatsiya)

Quyosh dogʻlari – uzoq vaqt va takroriy quyosh nuri ta’sirida qolganda asosan yuz va qoʻllarda paydo boʻladigan jigarrang dogʻlardir.

Teriga rang beradigan hujayralar, ya’ni melanotsitlar terining eng ust qatlamida joylashgan boʻlib, rang beruvchi modda ya’ni melanin ishlab chiqaradi. Melanin odatda qora tanli odamlarda koʻproq va oq terili odamlarda kamroq ishlab chiqariladi. Quyosh ta’sirida terida melanin ishlab chiqarish kuchayadi va terining eng yuqorida koʻrinadigan qatlamida taqsimlanadi. Ushbu rangli pigmentlar terini kiyim kabi qoplaydi va uni quyoshning zararli ta’siridan himoya qilishga harakat qiladi.

Terining bu himoya mexanizmi terida toʻq rangli dogʻlar paydo boʻlishi va estetik jihatdan xunuk koʻrinishga sabab boʻladi.

  • Quyoshdan kuyish

Quyoshdan kuyish, ultrabinafsha nurlanishga tananing javobidir. UVB nurlari teriga tushganda, teri hujayralari nobud boʻladi. Tananing qoʻshni hujayralari bu oʻlik hujayralar atrofidagi terining yalligʻlanishi uchun bir qator reaktsiyalarni boshlaydi. Biz quyoshdan kuyish deb ataydigan bu yalligʻlanish, ultrabinafsha nurlari ta’sirida genetik mutatsiyaga ega boʻlishi mumkin boʻlgan oʻlik hujayralarni olib tashlash jarayonidir. Va bu jarayon orqali teri oʻzini tiklab oladi.

  • Teri saratoni

Teri saratonining eng koʻp uchraydigan uchta shakli mavjud: bazal hujayrali karsinoma (BCC), skuamoz hujayrali karsinoma (SCC) va melanoma. Non-melanomalar deb ataladigan BCC va SCC, bu ikki turdagi saraton kamdan-kam hollarda metastaz beradi. (Metastaz- bu saraton hujayralarining toʻgʻridan-toʻgʻri yoki qon-limfa tomirlari bilan ular joylashgan toʻqimalardan tashqaridagi boshqa joylarga tarqalishidir.)

Melanoma teri saratonining ancha xavfli turidir. Melanoma saratoni , teridagi melanotsit hujayralarning betartib boʻlinishi va oʻsimta hosil boʻlishi bilan boshlanadi. Odatda, tananing quyosh nuri koʻp tushadigan qismida paydo boʻladigan BCC va SCCdan farqli oʻlaroq, melanoma quyoshdan kuyish natijasida yuzaga kelishi mumkin. Bundan tashqari, melanoma BCC va SCCdan farq qiladi, chunki u metastaz berishi , asta-sekin koʻpayishi va saratonning zararli ta’siri butun tanaga tarqalishi mumkin.

Xoʻsh, qanday qilib ultrabinafsha nurlanish teri saratoniga olib keladi?

UV nurlanishi yuqori energiyaga ega va bu nurlanish ta’siri bizning hujayralarimiz xromosomalariga zarar etkazadi va DNKdagi mutatsiyalarga olib keladi. Umumiy mutatsiya, xromosomaning oʻsma hosil boʻlishini nazorat qiluvchi genini oʻzgarish va uzilishdir. Bunday oʻsimta hosil boʻlishini nazorat qiluvchi genlar hujayra siklini tartibga solishda muhim ahamiyatga ega va agar bunday gen oʻz funksiyasini yoʻqotsa, hujayraning betartib boʻlinishiga olib kelishi mumkin. Mutatsiyaga uchragan hujayralar betartib boʻlinishi natijasida oʻsimta paydo boʻlishi mumkin.

  • Koʻzlar

Ultrabinafsha nurlar tasirida qolish nafaqat terimizga zararli, balki koʻzlarimiz uchun, ayniqsa koʻk yoki juda ochiq rangli koʻzli odamlar uchun juda xavflidir. Teri kabi, koʻzlar ham UVB nurlanishiga ta’sirida qolganda kuyishi mumkin. Koʻzning shox pardasi va qovoqlarining ichki yuzasi kuyadi va yalligʻlanadi. Yaxshiyamki, koʻzlardagi quyoshdan kuyishning koʻz sogʻligʻiga zararli ta’siri uzoq davom etmaydi. Biroq, bu ultrabinafsha nurlanishining koʻzlarga asorat qoldirmaydi degani emas. Vaqt oʻtishi bilan ultrabinafsha nurlanishidan ta’sirlangan boʻlgan koʻzlar, kataraktaga moyil boʻlib, toʻr pardaning shikastlanishiga va koʻrlikka olib kelishi mumkin.

Quyida ayrim tadqiqotlar havolasini joyladim. Qiziqqanlar kirib oʻqib koʻrishi mumkin.

Photoaging (terining erta qarishi) – https://www.nejm.org/doi/full/10.1056/NEJMicm1104059

Quyosh kremini doimiy ishlatishning teri qarishini oldini oluvchi taʼsiri haqida insonlar ustida olib borilgan tajriba – https://www.acpjournals.org/doi/10.7326/0003-4819-158-11-201306040-00002?doi=10.7326%2F0003-4819-158-11-201306040-00002

Quyosh nurlarining zararlari haqida – https://www.tandfonline.com/doi/full/10.1080/19381980.2016.1248325

Teri saratoni haqida haqiqatlar va statistikasi – https://www.skincancer.org/skin-cancer-information/skin-cancer-facts/

You may also like

Fikr bildiring