Assalomu alaykum!
Qadrli ayollar! Bir samimiy suhbat qilib, sizlarga “ichimni toʻkib olay”.
Bir musulmon ayol sifatida kiyimlarimga, isteʼmol qiladigan mahsulotlarimga, soʻzlarimga e’tibor berishga harakat qilardim. Bu sanoatlashgan davrda hatto, yeyayotgan mol goʻshtimizni ham shubha bilan yeymiz ba’zan. Lekin shu vaqtgacha bir oddiy masalaga hech e’tibor qaratmagan ekanman: yuz parvarishi mahsulotlari HALOLligi.
Bir qiziqdim va Glitserinning “iziga tushdim”. Shu vaqtgacha tarkibida ushbu modda boʻlmagan krem, serum yoki yuz tozalovchi vositasi koʻrmadim.
Glitserinni tagi qayoqqa taqalishini oʻrganish uchun Ingliz va Turk tilida ilmiy maqolalarni koʻzdan kechirdim. Qarangki, (mening vahimali tahminimga koʻra) odatda halol boʻlmas ekan.
Bu xulosamga sabablarim shu:
- Glitserin asosan hayvon yogʻlaridan va kam holatda soya, kokos va xurma kabi oʻsimlik yog’laridan olinar ekan.
Hozirgi kunda qadoqli ozuqa mahsulotlaridan tortib, dori darmonlarda va goʻzallik vositalarigacha ton’g’iz mahsulotlari, ularga ishlov berilib qoʻlga kiritilgan moddalar ishlatiladi.
Har qanday chiqindi bilan oziqlanaveradigan, tez koʻpayadigan bir hayvon sifatida koʻp korxonalarning birinchi raqamli tanlovi desak ham boʻladi. - Qoʻlga kiritish osonligidan, kosmetika brendlarinig katta qismi mahsulot ishlab chiqarishda hayvon asosli Glitserindan foydalanishadi.
- Yuqorida oʻsimlikdan olinadigan Glitserin turi ham mavjudligini aytdim. Ba’zi brendlar ilmiy izlanishlari tufayli, hayvon asosli Glitseringa alternatif sifatida oʻsimlik asosli Glitserinni ishlab chiqarishni va mahsulotlarida foydalanishni yoʻlga qoʻygan. Bu boradagi izlanishlar ularda ortiqcha mablag’ sarfiga sabab boʻlganligidan, ishlab chiqargan mahsulotlari ham boshqa brend mahsulotlariga nisbatan odatda, qimmatroq boʻladi.
Bunday brendlarnig mahsulot ishlab chiqarishda tayyor hayvon asosli xomashyolar boʻlaturib, oʻsimlik asosli xomashyo ustida izlanish qilishlari va ulardan foydalanishlariga asosiy turtki vegetaryan va hayvonlarga ozor bermaslik, ekologiyani asrash tarafdori boʻlgan insonlardir.
Bunday insonlar tufayli, kosmetika sanoatida Vegan brendlar mavjud. Vegan brend mahsulotlari qutisida Vegan va Cruelty-Free yozuvini koʻrishingiz mumkin.
Vegan belgisi – bu mahsulot tarkibida hech qanday hayvondan olingan moddalar yoʻqligini bildiradi.
Cruelty-Free esa ushbu mahsulot ishlab chiqarilish jarayonida hayvonlarda sinab koʻrilmagani, ularga zulm qilinmaganligini anglatadi.
Hozirgi kunda, dunyo boʻylab va asosan Koreyada kosmetika sanoatida Vegan sertifikatli bir qancha brendlar mavjud.
Bularni oʻrganib chiqqanimdan soʻng, endi faqat 100% VEGAN BRENDlardan mahsulot sotib olishga qaror qildim.
CHUNKI, biror mahsulotni qutisida “biz bu mahsulotdagi Glitserinni toʻng’izdan , moldan yo echkidan, oʻsimlikdan oldik” deb yozib qoʻymaydi. Yozadiganlari faqat Vegan brendlar. Ya’ni asosi qayerga taqaladigan Glitserin ekanligini aniqlash deyarli imkonsiz.
Deylik, olayotgan mahsulotimizdagi Glitserin moldan yo qoʻydan olingan. Biz uchun halol hisoblangan bu hayvonlarni soʻyishda g’ayridin inson Basmala aytmay soʻygan boʻlsa, u hayvonni goʻshti bizga halol boʻlmaganidek, undan hosil qilingan moddalar ham halol boʻlmaydi deb oʻylayman. (Bu faqat meni fikrim, fatvo berishdan yiroqman. Bu faqat oʻzim uchun tanlovim. Halol hayvondan yoki halol soʻyilgan hayvondan olinganligiga kafolat beradigan hech kim yoʻq orada)
Bu holatda, u mahsulot men uchun shubhali. Shu sabab ulardan uzoq turishni va Vegan mahsulotlardan foydalalanishni afzal koʻrdim.
Yuqorida butun fikrlarimni Glitserin misolida ifodaladim. Aslida, mahsulotlarda boshqa bir qancha hayvon asosli tarkiblar ham bor. Sizni qiziqtirayotgan boʻlsa, goʻzallik vositalari tarkibida uchratishingiz mumkin boʻlgan ba’zi hayvon asosli moddalarni misol keltiray. Bularni harom yo halol deyishdan yiroqman. Ma’lumot uchun keltiraman.
- Glycerine – Glitserin hayvon va oʻsimlik yog’laridan hosil qilinadi va namlantiruvchi sifatida ishlatiladi
- Shellac – Lak deb ataladigan mayda hasharotlardan olinadi. Tirnoq va soch laklarida qoʻllaniladi.
- Lanolin – Qoʻy yungidan olinadi va goʻzallik mahsulotlarida yumshatuvchi vosita sifatida ishlaydi. Oʻsimlikka asoslangan lanolin alternativlari mavjud.
- Guanine – baliq tangachalaridan olinadigan tarkib
- Carmine – Karmin, kokineal hasharotlardan olinadi va qizil rang beruvchidir. Tarkiblar roʻyxatida natural red 4, E120 va CI 75470 kabi nomlar bilan berilishi ham mumkin
- Squalene – Skualen, akulalar jigaridan olinadi. Oʻsimlikdan olinadigan alternativi ham bor.
- Collagen – Kollagen, hayvonlarning toʻqimalari, suyaklari, terilari va hokazolaridan olinadi.
Vegan brendlarda ham ushbu tarkiblarni uchratasiz. Lekin bu brendlar oʻsha moddani hayvon oʻrniga qaysi oʻsimlikdan olingani haqida ma’lumot keltirgan boʻladi.
Yuqorida sanab oʻtilgan tarkiblarni hosil qilinish jarayonlarini oʻrganib chiqsangiz bechora hayvonlarga ham rahmingiz keladi ham unday moddalarni oʻzingizga ravo koʻrmay qolasiz. Masalan, Lanolinni olaylik, qoʻydan tashqari ixtiyoriy yungli hayvonni terlatish orqali olinadi. Issiq hammomdek bir yerda majburiy terlatilishni tasavvur qiling 🙁
Halol hayot tarzi tomon yana bir qadam 🙂
https://www.greenqueen.com.hk/animal-ingredients-beauty-products/
https://sprinjene.com/blogs/news/is-there-pork-in-toothpaste
4 ta fikr
Juda manfaatli maʼlumotlar uchun katta rahmat. Unutganini eslab bilmaganlarimni bilib oldim.
Qoldirgan fikrlaringiz uchun sizga ham rahmat! Foydali bo’lganidan hursandman.
Blog maqolangiz uchun raxmat. O’zim uchun yangi ma’lumot oldim. Men glitserinni oddiy kimyoviy moddalar orqali hosil qilinadi, deb o’ylar edim. Uning hayvonlardan yoki o’simlikdan olinishini bilmas ekanman. Umuman olganda, kosmetik mahsulotlar tarkibida hayvonlardan olinadigan vositalar borligini bilmas ekanman. Albatta, shilliqurt bundan istisno (oxirgi paytlar kosmetikk mahsulotlarini reklama qilishayotganda ulitka-ulitka so’zlari trendga kirgani sababidan).
Xulosa qilib aytganda, foydali va qiziqarli maqola uchun katta raxmat. Men uchun juda manfaatli bo’ldi.
Ishlaringizga rivoj!
Olumlu yorumlarınız benim için ilham kaynağıdır. Düşüncelerinizi belirttiğiniz için teşekkür ederim!